"Men uchun O‘rgimchak odamning o‘rni alohida": Piter Parkerga ovoz bergan Diyorbek Ibragimov bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 33
"Men uchun O‘rgimchak odamning o‘rni alohida": Piter Parkerga ovoz bergan Diyorbek Ibragimov bilan suhbat

Oʻzbekistonda 6-avgust kuni “Oʻrgimchak odam: yangi kun” filmi oʻzbek tilida ham premyera qilindi. Kinokartina nafaqat butun dunyoda, balki Oʻzbekistonda ham katta ajiotajga sabab boʻldi va ilk kunning oʻzidayoq rekord oʻrnatdi. Jahon prokatida esa allaqachon 2 milliard dollarlik chegarani bosib oʻtishga ulgurdi.

Afisha.uz filmni oʻzbek tiliga dublyaj qilishda prodyuser sifatida ishlagan va bosh qahramon Piter Parkerga ovoz bergan Diyorbek Ibragimov bilan suhbatlashdi. U “Oʻrgimchak odam: yangi kun” filmining dublyaj jarayonlari, chet-el filmlarining premyerasi nega Oʻzbekistonda kechikayotgani va boshqa mavzilarda oʻz fikrlarini bildirdi.

— Yangi filmni o‘zbek tilida ham namoyish qilish uchun qanday ishlar bajariladi? Bunga buyurtma tushadimi yoki tashabbus o‘zingizdan chiqadimi?

— Bu har xil bo‘lishi mumkin. Ba’zi loyihalarda tashabbus distribyutor yoki film huquq egalaridan chiqadi, ba’zilarida esa biz o‘zimiz taklif bilan chiqamiz. Bu safar Sony Pictures’ning o‘zi MDH davlatlari bozoriga qiziqish bildirgan va dublyaj ishlarini nisbatan kechroq boshlagan. “O‘rgimchak-odam: Yangi kun” loyihasida esa studiyamizning murakkab loyihalar bilan ishlay olishi distribyutorlarga ma’qul kelgan.

Bundan oldin biz “O‘rgimchak-odam Remastered” videoo‘yinini o‘zbek tiliga lokalizatsiya qilayotgan edik. Bu loyiha ham bizni ularning e’tiboriga tushishimizga sabab bo‘lgan. Ular jamoamiz qahramon va uning olami haqida yetarlicha chuqur ma’lumotga ega ekanini ham ko‘rishgan.

Hozir esa “Qasoskorlar: qiyomat kuni” filmini o‘zbek tilida dublyaj qilish bo‘yicha o‘zim prodyuser sifatida tashabbus bilan chiqyapman. Bu tashabbus amalga oshishi uchun esa tomoshabinlar o‘zbekcha seanslarga borib, natija ko‘rsatishlari juda muhim.

— Film original ingliz tilidan tarjima qilindimi? Tarjima jarayonida qanday qiyinchiliklar bo‘ldi? O‘zbekchalashtirish qiyin bo‘lgan hazillar bo‘ldimi?

— Ha, biz tarjima jarayonida original ingliz tilidagi materialga tayandik. Rejissyorimiz Komil aka Tursunboyev aytganlaridek, kinodagi tarjimaning eng qiyin tomoni — so‘zlarni bir tildan ikkinchi tilga toʻgʻridan toʻgʻri o‘girish emas. Eng muhimi, originaldagi ma’no, kayfiyat, xarakter va hazilni saqlab qolish.


Dublyaj rejissyori Komil Tursunboyev

Ayniqsa, Marvel filmlarida ko‘plab hazillar, kinoyalar va ingliz tiliga xos iboralar bo‘ladi. Ularni so‘zma-so‘z tarjima qilsangiz, o‘zbek tomoshabini uchun hazil o‘z ta’sirini yo‘qotishi mumkin.

Shuning uchun ayrim joylarda tarjimadan ko‘ra mahalliylashtirish ustida ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi. Ya’ni tomoshabin aslida ingliz tilida nima deyilganini emas, personaj aynan qanday ma’noni yetkazayotganini his qilishi kerak.

— Nega kinoteatrlarda o‘zbek tiliga tarjima qilingan filmlar kam?

— Bunga bir nechta sabab bor. Birinchidan, professional kinoteatr dublyaji oddiy tarjimadan ancha qimmat va murakkab jarayon.

Ikkinchidan, o‘ylashimcha, yurtimizdagi kinoteatrlar soni ham bunda muhim omil. Masalan, Qozog‘iston bilan solishtirganda bizdagi kinoteatrlar bozori ancha kichik. Katta studiyalar va distribyutorlar uchun har bir til bo‘yicha alohida lokalizatsiya qilish — bu alohida biznes qarori. Ular bozordagi talabni, xarajatlarni va kutilayotgan daromadni hisobga olishadi.

Uchinchidan, bizda professional kinodublyaj bozori hali shakllanish bosqichida. Aktyorlar, rejissyorlar, ovoz rejissyorlari va texnik mutaxassislar bor, lekin bu tizimni muntazam ravishda katta xalqaro loyihalar bilan ishlaydigan darajaga olib chiqish uchun vaqt kerak. Menimcha, eng asosiy masala — tomoshabinda o‘zbek tilidagi sifatli kontentga talab borligini ko‘rsatish. Talab oshgani sari bunday loyihalar ham ko‘payadi.

— Filmlarning premyeralari O‘zbekiston kinoteatrlarida kechikayotganining aniq sababi bormi?

— Bitta universal sabab yo‘q. Premyera sanasiga xalqaro reliz jadvali, distribyutorlarning rejalari, huquqiy va texnik jarayonlar, materiallarning yetib kelishi, lokalizatsiya va kinoteatrlarning ichki jadvali ta’sir qilishi mumkin.

Ba’zan filmning o‘zi tayyor bo‘ladi, lekin uning o‘zbekcha versiyasini tayyorlash uchun qo‘shimcha vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun tomoshabin “Film chiqdi, nega o‘zbekcha versiyasi hali yo‘q?” deb o‘ylashi tabiiy. Lekin uning ortida tomoshabinga ko‘rinmaydigan juda ko‘p tashkiliy va texnik jarayonlar turadi.

— Shu paytgacha sanoqli filmlar o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

— Bunga bizning bozorimizga kirishga harakat qilayotgan kompaniyalarning mahalliy bozorni yetarlicha yaxshi tushunmasligi ham sabab bo‘lishi mumkin.

“O‘rgimchak-odam"gacha o‘zbek tilida taxminan oltita kino dublyaj qilingan bo‘lsa, ularning hech birida yetarlicha katta marketing va reklama kampaniyasi olib borilmagan. Natijada filmlar o‘zbek tilidagi seanslarda kutilgan darajada daromad keltirmagan.

Distribyutor nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, tarjima va dublyajga qo‘shimcha xarajat qilib, keyin bu xarajatni qoplay olmaslik xavfi bor. Shuning uchun allaqachon tayyor holda kelgan rus tilidagi versiyani prokatga chiqarish ular uchun osonroq va xavfsizroq qaror bo‘lib qoladi. Menimcha, bu yerda asosiy muammo — tizimning endigina rivojlanayotganida.

O‘zbek tilida katta xalqaro filmlarni muntazam va professional darajada dublyaj qilish uchun faqat bitta studiya yetarli emas. Distribyutor, huquq egasi, kinoteatr, dublyaj studiyasi va boshqa tomonlar birgalikda ishlashi kerak. Biz esa GeekTV sifatida shu tizimning bir qismi bo‘lishga va uni rivojlantirishga harakat qilyapmiz.

— “O‘rgimchak odam” personajining siz uchun ahamiyati qanchalik katta? Bu Tony Stark, Kapitan Amerika, Tor kabi qahramonlardan birimi yoki kattaroq qahramonmi?

— Men uchun O‘rgimchak odamning o‘rni alohida. Tony Stark, Kapitan Amerika yoki Tor — Marvel olamining juda katta va muhim qahramonlari. Lekin O‘rgimchak-odamning o‘ziga xos tomoni shundaki, u tomoshabinga juda yaqin.

U superqahramon bo‘lishidan oldin oddiy hayoti, muammolari, o‘qishi, ishi, munosabatlari va mas’uliyatlari bor inson. Men bu qahramonning komikslarini o‘qib katta bo‘lganman. Bolaligimdagi o‘sha bir parchani katta bo‘lganimda ham o‘zim bilan olib o‘tganman, desam bo‘ladi.

Bu qahramon yovuz bo‘lishi uchun mingta sabab topishi mumkin bo‘lsa ham, u har doim “buyuk kuch bilan buyuk mas’uliyat ham keladi” degan tamoyilni yodda tutadi va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga harakat qiladi. Shuning uchun menimcha, O‘rgimchak-odamni faqat Marvel qahramoni sifatida emas, balki butun dunyo tomoshabinlariga juda yaqin bo‘lgan obraz sifatida ko‘rish mumkin.

— Dublyaj jarayonlari qancha vaqt oldi? Boshqa dublyaj aktyor va aktrisalari bilan kimyo qanday bo‘ldi?

— Bunday katta loyiha faqat studiyaga kirib, bir necha kunda ovoz yozib chiqishdan iborat emas. Tarjima va moslashtirishdan boshlab, ovoz yozish, rejissura, montaj va yakuniy ovoz ishlovigacha bir nechta bosqichdan o‘tdik.

Aktyorlar orasidagi kimyo ham juda muhim edi. Chunki dublyajda aktyor faqat matnni o‘qimaydi — u boshqa aktyorning gapirish uslubini, pauzasini va hissiyotini ham his qilishi kerak. Menimcha, Peter, MJ va Frenk o‘rtasidagi sahnalarda bu yaqqol ko‘rinadi. Biz imkon qadar original aktyorlarning energiyasi va personajlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zbek tilida ham saqlab qolishga harakat qildik.


MJ obraziga ovoz bergan Zarina Otajonova

— Qaysi sahnalarga ovoz berish qiyin, qaysilariga ovoz berish oson bo‘ldi va nega?

— Umuman olganda, texnik jihatdan eng qiyin sahnalar har doim ham eng hissiy sahnalar bo‘lavermaydi. Masalan, juda tez gapiriladigan dialoglar, bir-birining gapini bo‘lib yuboradigan sahnalar yoki katta harakat va shovqinlar orasidagi dialoglar ancha murakkab bo‘ladi.

Chunki aktyor nafaqat to‘g‘ri emotsiyani berishi, balki original aktyorning vaqtiga ham aniq tushishi kerak. Hissiy sahnalarda esa boshqa muammo bor — u yerda texnik aniqlik bilan birga aktyorlik jihatdan ham juda kuchli natija kerak.

— O‘zbek tilidagi kassadan kutilmalar qanday edi va bu kutilmalar o‘zini oqlayaptimi?

— Biz uchun asosiy maqsad faqat kassani kutish emas, avvalo sifatli dublyajni tayyorlash edi. Albatta, tijoriy natija juda muhim. Chunki agar o‘zbek tilidagi seanslarga tomoshabin faol kelsa, bu distribyutorlarga juda kuchli signal bo‘ladi.

Bu esa kelajakda boshqa katta filmlarning ham o‘zbek tilida chiqishiga ta’sir qiladi. Shuning uchun men tomoshabinlarga o‘zbekcha seanslarni tanlashni tavsiya qilaman. Chunki har bir chipta — aslida “bizga o‘zbek tilidagi kontent kerak” degan signal.

— GeekTV studiyasi haqida ko‘proq gapirib bering. Bu qanday ishlaydi, asosan qanday film va seriallar tarjimasi bilan shug‘ullanadi?

— GeekTV — o‘zbek tilidagi dublyaj va lokalizatsiya bilan shug‘ullanuvchi studiya. Bizning ishimiz faqat filmni tarjima qilish bilan cheklanmaydi. Tarjima, lokalizatsiya, aktyorlar bilan ishlash, ovoz rejissurasi, ovoz yozish, montaj va yakuniy ovoz ishlovigacha bo‘lgan jarayonlarni tashkil qilamiz.

Turli janrlardagi filmlar, seriallar va animatsion loyihalar ustida ishlaganmiz. Bundan tashqari, biz uchun o‘zbek tilida videoo‘yinlarni lokalizatsiya qilish yo‘nalishi ham juda qiziq. Chunki lokalizatsiya faqat kino bilan cheklanmasligi kerak, deb hisoblayman.

Hozirgacha biz “Deadpool” videoo‘yinini o‘zbek tiliga oʻgirdik va bu loyiha muxlislar tomonidan yaxshi kutib olindi. Hozir esa “Spider-Man Remastered” videoo‘yinini dublyaj qilish jarayonidamiz. Bu loyihada 40 dan ziyod aktyor ishtirok etmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz — o‘zbek tilidagi kontentni shunchaki ko‘paytirish emas, uning sifatini ham xalqaro darajaga olib chiqish.

— “Avengers: Doomsday"ni (“Qasoskorlar: qiyomat kuni”) tarjima qilish bo‘yicha ham ish olib borilayotganini aytgan ekansiz. Jarayon qaysi bosqichda?

— Hozircha aniq ma’lumot berolmayman. Chunki ko‘p narsa faqat bizning tashabbusimizga emas, yuqorida turgan kompaniyalarning qarorlariga ham bog‘liq.

Tomoshabinlar bilan birgalikda o‘zbek tili uchun talab borligini ko‘rsatishimiz kerak. Shunda distribyutorlar va huquq egalari bilan muzokaralar olib borayotganimizda, bizning qo‘limizda ancha kuchli argument bo‘ladi.

Bundan tashqari, Diyorbek Ibragimov oʻzbek tilidagi dublyajning qoʻshimcha ahamiyatlari haqida ham gapirdi.

Menimcha, bu yerda eng muhim narsa — o‘zbek tilidagi dublyajni “qo‘shimcha xizmat” sifatida emas, kino bozorining to‘laqonli qismi sifatida ko‘rish. O‘zbekistonda juda katta auditoriya bor. Odamlar o‘z ona tilida sifatli film ko‘rishni xohlashadi. Lekin buning uchun tomoshabin tomonidan ham talab bo‘lishi kerak.

Shuning uchun o‘zbek tilidagi filmlarni qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Biz GeekTV sifatida bitta film bilan cheklanib qolishni istamaymiz. Maqsadimiz — xalqaro filmlar, seriallar va o‘yinlarni o‘zbek tilida professional darajada lokalizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish. Agar bugun bir film o‘zbek tilida kinoteatrga chiqayotgan bo‘lsa, bu faqat bitta loyiha emas. Bu kelajakdagi loyihalar uchun ham eshik ochishi mumkin.

Ma’lumot uchun, film dublyajida quyidagi aktyor va aktrisalar ishtirok etgan.

  • Piter Parker — Diyorbek Ibragimov;
  • MJ — Zarina Otajonova;
  • Ned — Shahobiddin Bobonazarov;
  • Frenk Kasl — Ixtiyor Otajonov;
  • Mey Parker — Laziza Azizzoda;
  • Devulf — Gulchehra Nosirova;
  • Bil Metzger — Abdujabbor Fayziyev;
  • Jin Grey — Fotima Qalandarova;
  • Yelena Belova — Dilfuza Shonazarova;
  • Bryus Benner — Tolib Moʻminov.
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false
  • false

Afisha.uz avvalroq “Oʻrgimchak odam: yangi kun” filmiga taqriz e’lon qilgandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

“O‘rgimchak odam: yangi kun” O‘zbekistonda ilk kunning o‘zidayoq mutlaq rekord o‘rnatdi

Film ilk kundayoq O‘zbekiston kinoprokat tarixidagi eng yuqori kassaga ega bo‘ldi. Mintaqada esa O‘zbekiston 90 ming dollardan ortiq natija bilan Qozog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Piter Parker uchun haqiqiy yangi kun: “O‘rgimchak odam: yangi kun” filmiga sharh

Tom Holland ijrosidagi “O‘rgimchak odam: yangi kun” avvalgi trilogiyaning oddiy davomi emas.

"Oʻrgimchak odam: yangi kun"gacha: sevimli qahramon haqidagi mashhur filmlar

Bir necha o‘n yillar davomida kino muxlislari orasida O‘rgimchak odam eng taniqli va sevimli superqahramonlardan biriga aylandi, u haqida koʻplab filmar va multfilmlar ishlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling