Shota Rustaveli ko‘chasida yana uchta avtobus yo‘nalish harakati tiklandi

E’lon qilingan sana· 38
Shota Rustaveli ko‘chasida yana uchta avtobus yo‘nalish harakati tiklandi

19-oktabrdan boshlab 12, 9T va 40-sonli avtobuslar Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy ajratilgan avtobus yoʻlaklaridan (BRT) harakatlanmoqda. Avvalroq, 7-oktabrda 38, 57 va 58-sonli yo‘nalishlar , 67, 98 va 126-sonli yo‘nalishlar esa 12-oktabrda yoʻlga qoʻyilgan edi.

Endi Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy yo‘lak bo‘ylab to‘qqizta yo‘nalish harakatlana oladi. Bu transport aloqalarini yaxshilaydi va Toshkentning muhim hududlari orasidagi harakatni tezlashtiradi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad jamoat transportiga ustuvor ahamiyat berish, tirbandlikni kamaytirish, yo‘lovchilarga yanada qulay va xavfsiz safar sharoitlarini ta’minlashdan iborat.

Yoʻl foydalanuvchilari uchun eslatma

Yoʻlovchilar uchun:

  • avtobuslar chiqish va tushish uchun maxsus platformalar bilan jihozlangan markaziy yo‘lakdan harakatlanadi;
  • platformalarga faqat piyodalar o‘tish joylaridan borish mumkin, belgilanmagan joylardan o‘tish esa taqiqlangan;
  • platformada sariq chiziqdan narida turish va avtobus to‘liq to‘xtaganidan keyingina unga yaqinlashish mumkin;
  • yo‘lni kesib o‘tayotganda, avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘tish lozim;
  • avtobuslarda keksalar, bolali yoʻlovchilar va nogironlarga joy berish tavsiya etiladi.

Haydovchilar uchun:

  • markaziy avtobus yoʻnalishi (BRT) faqat avtobuslar harakati uchun moʻljallangan;
  • ushbu boʻlakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi va toʻxtashi qat’iyan man etiladi;
  • har ikki yoʻnalishda ham haydoychilar uchun orqaga va chapga burilishlar taqiqlanadi.

Transport boshqarmasi bunday ajratilgan yo‘laklarning yaratilishi Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi. Kelgusi yillarda BRT tarmog‘ini Toshkentning boshqa ko‘chalariga ham kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling