Uyda qolamiz: zerikmaslik uchun nimalar qilish mumkin? Afisha tavsiyalari

Qish yaqinlashayotganini toshkentliklar doimgidek havodan bilyapti, lekin bir nyuans bor: chang, ifloslangan havomi yoki sovuq havo? Ikkalasi teng yurishiga ham odatlanib qoldik — qish kelyaptimi, demak ifloslanish ham kuchayadi. Oʻzi, qish uyda qolish uchun eng yaxshi fasl-ku, lekin tabiat bizga yana bir “sabab” topib beryapti — bunday chang, iflos havoda yurish sogʻliq uchun zararli.
Bunday paytda, uyda qolgan yaxshi. Oʻzgidromet ham havo ifloslanishi ortib ketganini e’lon qilib, tashqariga chiqqanda ehtiyot choralarini koʻrishni tavsiya qilmoqda. Avvalroq biz havo ifloslanishi kuchaygan paytda nimalar qilish va nimalarga e’tibor berishga kerakligi haqida material tayyorlagandik. Endi esa uyda qolish boʻyicha “yoʻriqnoma” tayyorlaymiz. Xoʻp, shu sabab bilan uyda qoldik ham deylik, qanday qilib vaqtni mazmunli oʻtkazish va zerikmaslik mumkin? Ba’zi variantlarni koʻrib chiqamiz.
Hech narsa qilmaslik

Bu — ideal va bir vaqtning oʻzida unchalik ham yaxshi ishlamaydigan variant. Hech bir ish bilan shugʻullanmaslikning oʻzi absurd — chunki uxlash ham bir ish, lekin uyqi bu vaziyatda yaxshi yechim, agar qiladigan boshqa vazifangiz boʻlmasa. Havo iflosligi vaqtida uyqi sogʻliq uchun ikki baravar foydali (eng kamida zarar emas).
Kinomarafon
Koʻrishni rejalab qoʻygan filmlar roʻyxatingiz ham ancha koʻpayib qolgandir-a? Roʻyxatdagi yoki umuman random tarzda tanlangan filmlarni birma-bir koʻrib chiqish uchun yaxshi imkon.

Bu uchun bir nechta onlayn platformalar bor, masalan, xorij filmlarini original sifatda koʻrmoqchi boʻlsangiz, Netflix strimingi, agar oʻzbekcha koʻraman desangiz, Frame yoki Kinom kabi mahalliy servislar. Ushbu ikki platformlardagi yangiliklari bilan Afisha.uz'ning “Kino” boʻlimida ham tanishishingiz mumkin. Popkorn esdan chiqmasin-a.
Kitob oʻqish
Kitob oʻqish ham bir necha marta ortga suriladigan ish. Yangisini olaverasiz, javondagilar esa navbatini kutib qolaveradi. Mana shunday kunlar javonni boʻshatish uchun ham qulay fursat.

Agar qogʻoz kitoblarni tugatgan boʻlsangiz, telefonda mutolaa uchun ham bir nechta ilovalar bor. Ularni mana shu maqolada topishingiz mumkin.
Onlayn kurslar
Kitob oʻqishga kirishib ketsangiz-u, miya yana ozuqa xohlasa, shartta gadjetingizni tayyorlab, oʻzingizga qiziq sohada onlayn kurslarda oʻqivoring.

Mana bir nechta variant: Duolingo — til oʻrganish platformasi; Udemy — dasturlashdan tortib, dizayn, marketing, musiqagacha yoʻnalishlarni qamrab olgan turli kurslar jamlanmasi; Coursera — bu ham kurslar jamlanmasi, ammo yoʻnalishlari yanada kengroq.
Aytgancha, Afisha.uz ingliz tilini mustaqil o‘rganish uchun YouTube kanallarni bir joyga ham jamlagandi.
Mashgʻulotlar
Bunday qisqa vaqt ichida “kachok” boʻlib ketish qiyin masala, lekin qon aylanishini yaxshilash, kayfiyatni koʻtarish uchun zoʻr narsa — bazaviy mashgʻulotlarni qilish. Oʻtirib-turish, “push-up” qilish va hokazo, ya’ni oddiy-oddiy mashqlar. Lekin bu sizda qon sirkulyatsiyasini yaxshilab, yanada samarador ishlashingizga hissa qoʻshadi.

Agar qanday mashqlar bajarishni bilmayotgan boʻlsangiz, uyda sport bilan shugʻullanish uchun 10 ta mobil ilova haqida ham maqola yozib qoʻyganmiz.
Ovqat pishirish
Taom tayyorlash ikki jins vakillari uchun ham yaxshi tajriba va antidepressant boʻlishi mumkin. Kamiga bu bilan ikkita quyonni urish mumkin — ham oʻzingizni asablaringizni dam oldirasiz, ham yaqinlaringizni xursand qilasiz.

Agar nima taom tayyorlashni bilmasangiz, Instagram’da fudblogerlarning sahifalari bor. Mana ularning bir nechtasi, yangi gʻoyalar, retseptlar oʻrganishingiz mumkin.
Fotogalereyani tozalash

Odatda samolyotda, internet ishlamaydigan vaqtda qilinadigan ish. Modomiki uyda ekansiz, internet-u boshqa narsalardan uzilib, telefoningiz fotogalereyasida bir taftish oʻtkazing — ham xotiralarga choʻmasiz, ham gadjetingizda qoʻshimcha joy yaratasiz.
Stol oʻyinlari

Bu — oila yoki doʻstlar davrida maroqli vaqt oʻtkazishning eng zoʻr usuli. Jamoaviy va yakkalik boʻlib oʻynaydigan turlari bor. UNO, Mafiya, Bunker, Monopoliya, Jenga, Domino, Tvister, “Noma'lum abonent”, kartalar, shaxmat va shashka shular misolidan.
Afisha.uz'ni oʻqish

Bu — biz eng qat’iy tavsiya etadigan mashgʻulot. Bu yerda mana shunday qiziqarli maqolalardan tashqari, qiziqarli tadbirlar e’lonlari, kino, konsert, teatr haqida ma’lumotlar, intervyu va reportajlar, muhim yangiliklardan xabardan boʻlib borishingiz muhim.