“Sofi osh” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Intellektual mulk agentligining xabar berishicha, Buxoro viloyatiga xos bo‘lgan “Sofi osh” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu maqom “Sofi osh” nomi va uning an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi, taomning sifati va haqiqiyligini kafolatlaydi hamda Buxoro viloyatining boy gastronomik merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich mahsulotning muayyan hududga xosligi va uning o‘ziga xos sifati aynan shu hudud bilan uzviy bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.
Avvalroq yana bir nechta milliy taomlar, xususan, Samarqand noʻxat shoʻragi, Samarqand noni, Soʻqoq somsasi, shuningdek, Andijon doʻppisi va Samarqand qogʻozi ham geografik koʻrsatkich sifatida tan olingandi.