Hafta artisti: “Blackpink”

E’lon qilingan sana· 4 033
Hafta artisti: “Blackpink”

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — “Blackpink” guruhi!

Janubiy Koreya deganda ko‘pchilikning hayoliga K-POP kelishi tabiiy. Ushbu yo‘nalishda eng mashhuri BTS bo‘lsa, undan keyin ushbu kvartet eslanishi aniq. “Blackpink” a’zolari 4 ta: Kim Jisu (Jisoo), Kim Jenni (Jennie), Pak Rouz (Rose) va Lalisa Manoban (Lisa). Ularning hammasi ham koreyalik emas, masalan, Rose Yangi Zenlandiyada, Lisa esa Tailandda tug‘ilgan.


Liza va Rouz

Guruh tarixi uncha uzun emas, ular 2016-yilda debyut qilgan. Oradan endigina 8 yil o‘tishiga qaramasdan, ular ko‘p ish qilishga, ko‘p rekordlarni urishga erishishgan. Bunga misol sifatida quyidagilarni aytish mumkin: u YouTube platformasida eng ko‘p obunachiga ega musiqiy guruh bo‘lsa (musiqachalardan esa faqatgina Jastin Biberda obunachi ko‘proq), Spotify’da eng ko‘p obuna bo‘lingan ayollar guruhi hisoblanadi.

“Yulduzlar fabrikasi”

“Blackpink” “YG Entertainment” prodyusserlik kompaniyasi bilan ishlaydi. Ular “Bigbang”, “Exo” BTS (bular “YG” tarkibida emas) kabi yirik prodyusserlik loyihalari. “YG” jamoa yig‘ish, kasting o‘tkazib, guruhlar tuzish bilan shug‘ullanadi. Guruh a’zolari sahnaga chiqishdan oldin yillar davomida intensiv tarzda bunga tayyorlanadi. “YG” guruhlarga biznes sifatida qaraydi va ularning barcha marketing ishlari avvaldan rejalashtirilgan bo‘ladi, bu detallardan tortib to qatnashchilarning shaxsiy hayotigacha qamrab oladi. Koreyalik pop-guruhlarning muvaffaqiyati shunchaki tasodif emas.

“YG” 2011-yilda gyorlbend (qizlardan iborat guruh) tuzishni rejalashtirayotganini e‘lon qiladi. O‘sha paytdan guruhga kasting ishlari olib borilgan, kompaniya 5 yil davomida sekin-sekin guruh haqida ba’zi ma’lumotlarni ochiqlab bordi. Bu vaqt oralig‘ida “Blackpink” a’zolari “YG"da “stajor” edi. Yillar davomidagi tayyorgarlik, o‘qitish ishlari — k-pop prodyusserlik kompaniyalari uchun odatiy holat. Guruh a’zolari yillar davomida (super)yulduzlikka tayyorlanadi: qo‘shiq kuylash, raqsga tushish, chet tillarida gapirish kabilar o‘rgatiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “stajor"lar har kuni (dam olish kunlarisiz) 12 soatdan shug‘ullanishadi, doimiy ravishda imtihon topshirishadi.

“YG Entertainment"ni birinchi marta eshitayotgan bo‘lishingiz mumkin, lekin bu kompaniya 2010-yillarda virus kabi tarqalgan yana bir koreyscha pop musiqa ustida ishlagan: PSY’ning 2012-yilda e’lon qilingan “Gangnam style” qo‘shig‘i klipini aynan “YG” suratga olgan. Bu birinchi koreys xitlaridan biriga aylangan va u YouTube tarixida ilk marta milliarddan oshiq ko‘rishlar yiqqan video bo‘lgan.

“Blackpink” tuzilmasidan oldin kompaniyada yana bir mashhur qizlar guruhi — 2NE1 bo‘lgan, 2016-yilda undan bir kishi chiqib ketadi. 2011-yildan beri yana bir guruh ustida ishlayotgan “YG” aynan shu yili “Blackpink"ni ommaga tanishtiradi. Qizlarning debyut ishi “Square One” singl-albomi bo‘lgan, ularning shu ishiyoq xitga aylangan.

Qora va pushti

“Blackpink” shunchaki ingliz tilidagi ranglar nomi birlashmasi (“black” — qora, “pink” — pushti). Ammo undagi qora kuch, mustaqillik va iste’dod, pushti esa yoqimtoylik, yaxshilik va chiroy ma’nolarini beradi. Bularning hammasi ularning qo‘shiqlariyu kliplari, hatto matnida ham aks etadi.


Liza

Boshqa pop guruhlarda bo‘lganidek “Blackpink"da yaqqol ajralib turuvchi ishtirokchi yo‘q, ularning barchasi guruhda teng. Ularning vazifalari aniq-tiniq belgilangan: ikki qiz — Jisu va Rouz — vokalistlar, yana ikkisi — Jenni va Liza — reperlar. Ularni mos ravishda pushti va qora tomonlar deb atashadi.

“Blackpink in your area” — qo‘shiqlar

Guruhning hozirgi treklari birinchi qo‘shiqlaridan farq qiladi. Hozir “Blackpink” elektron raqsbop musiqalar qiladi, unga trep, 1980-yillarning sinti-popi va sharqiy motivlarga ega folklorni ham aralashtiradi. Qizlarning “Ddu-du Ddu-du” qo‘shig‘i bunga yorqin misol bo‘la oladi.

“Ddu-du Ddu-du”

Ushbu klip tarixdagi eng ko‘p ko‘rilgan k-pop videoga aylangan. 2018-yilda chiqarilgan ushbu qo‘shiqdan keyin guruh G‘arbda ham mashhur bo‘lishni boshlagan. Ushbu yo‘nalishni o‘zlashtirgan guruh shunga o‘xshash yana bir nechta xitlarni yaratdi.

“Kill This Love”

“Ddu-du Ddu-du"dan bir yil o‘tib chiqarilgan bu qo‘shiq muhlislar tomonidan unga juda o‘xshashligi sabab tanqid qilingandi, ammo bu hozir ham guruhning eng ko‘p tinglangan qo‘shiqlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

“How You Like That”

2020-yilda ham xuddi shu voqea takrorlandi. Bu safar “How you like that” bilan. Muhlislar tanqidiga uchragan mazkur uch qo‘shiq k-popga o‘zgartirish kiritgan, desa ham bo‘ladi. Aynan shulardan keyin naqoratida kam so‘z / gap ishlatilgan qo‘shiqlar ko‘paydi. Shuningdek, aynan “How You Like That” bir sutka davomidagi ko‘rishlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatgan.

“Kiss And Make Up” (feat Dua Lipa)

“YG"ning “Blackpink” bilan rejalari katta — ular butun dunyoni k-pop bilan egallashni niyat qilgan, qaysidir ma’noda bunga erishyapti ham. Qizlar 2018-yilda Gʻarbning asosiy yulduzlaridan biri — Dua Lipa bilan duet qilgan.

“Sour Candy” (feat Lady Gaga)

2020-yilda dunyo bo‘ylab turnedan qaytib kelgan jamoa Lady Gaganing qo‘shig‘ida ko‘rinish beradi.

“Ice Cream” (feat Selena Gomes)

Katta ehtimol bilan “Blackpink"dagi qizlarning bolaligidagi kumiri — Selena Gomes ham ular bilan qo‘shiq kuylagan.

“Pink Venom”

“Shut Down”

“Boombayah”

“Typa Girl”

“Pretty Savage”

Yakkaxon qo‘shiqlar

Guruh a’zolari o‘zlari yakka holda ham treklar chiqarishadi. Mana ularning ba’zilari.

Jisoo — “Flower”

Lisa — “Lalisa”

Lisa — “Money”

Rose — “Gone”

Rose — “On The Ground”

Maqola tugadi. Gamsahabnida!

“Hafta artisti"ning oldingi sonlari:

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ