“Andijon devzira oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

E’lon qilingan sana· 141
“Andijon devzira oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

“Andijon devzira oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu nom, an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish, mahsulotning o‘ziga xosligini saqlab qolish hamda uning sifat kafolatlarini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.

Andijon devzira oshi oshpazlik an’analari, o‘ziga xos tayyorlanish usuli va noyob ta’mi bilan ajralib turadigan milliy taom hisoblanadi. Ushbu osh turi asosan Farg‘ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi. Devzira guruchi o‘zining qizg‘ish tusli zich donalari bilan ajralib turadi.

Ta’kidlanishicha, Andijon devzira oshi nafaqat milliy taom, balki oʻzbek xalqining mehmondo‘stligi, qadriyatlari va madaniy merosini ham ifodalaydi.

Maʼlumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.

Avvalroq yana bir nechta milliy taomlar, xususan, Samarqand noʻxat shoʻragi, Samarqand noni, Soʻqoq somsasi, Buxoro soʻfi oshi, shuningdek, Andijon doʻppisi va Samarqand qogʻozi ham geografik koʻrsatkich sifatida tan olingandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling