"Yil odami": Afisha.uz nigohida 2025-yilning eng muhim 10 qahramoni

E’lon qilingan sana· 492
"Yil odami": Afisha.uz nigohida 2025-yilning eng muhim 10 qahramoni

2025-yil bizni tark etdi, lekin biz oʻtgan yilni sarhisob qilishda, unda nimalar boʻlganini eslashda davom etamiz. Ushbu maqolada Afisha.uz versiyasi boʻyicha “Yil odami” nomiga mos boʻlgan qahramonlarni jamlashga qaror qildik.

“Yil odami” tushunchasi har doim ham eng mashhur yoki eng ko‘p koʻzga tashlangan shaxsga nisbatan ishlatilmaydi. Balki muayyan davrda jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsatgan, ma’lum yutuqlarga erishgan qahramonlar eslanadi.

Quyidagi roʻyxat va voqealar orqali biroz nostalgiyaga ham berilish va oʻtgan yilda hayotimiz qanchalar yorqin boʻlganini eslash ham mumkin.

Abduqodir Husanov

2025-yil oʻzbekistonliklar uchun quvonchli xabar bilan boshlangandi. 20-yanvar kuni futbolchi Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” jamoasidan Angliyaning “Manchester Siti” klubiga koʻchib oʻtdi.

Transfer narxi 40 million yevro va qoʻshimcha bonuslarni tashkil qildi. Yosh himoyachi shu bilan APLda debyut qilgan ilk oʻzbekistonlik futbolchiga aylandi. Yil davomida esa bir necha bor Osiyoning eng qimmat futbolchilari qatoridan joy oldi.

Afisha.uz transfer e’lon qilingan vaqtda muxlislarning munosabatlarini bir joyga toʻplagandi.


Alyona Aitova

O‘zbekistonlik alpinist Alyona Aitova Nepal va Hindiston chegarasidagi Himolay tog‘ tizmasida joylashgan “Island Peak” cho‘qqisiga ko‘tarildi. U 6189 metr balandlikka chiqib, tarixiy yutuqqa erishdi va mazkur cho‘qqini zabt etgan birinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘ldi.

“Island Peak” Everestga boradigan yo‘lda muhim bosqich bo‘lib, balandlikka moslashishni, yuqori jismoniy tayyorgarlikni va texnik ko‘nikmalarni talab qiladigan eng murakkab cho‘qqilardan biridir. Cho‘qqiga ko‘tarilishning yakuniy qismi muzliklar, tik qorli-muzli qiyaliklar va 50−65 daraja nishablikdagi hududlar bo‘ylab o‘tadi.


Suhrob Ubaydullayev (Wizz Air voqeasi)

Suhrob Ubaydullayev Kun.uz'ga bergan intervyusida Germaniyada Wizz Air aviakompaniyasi xodimi uning Oʻzbekiston passportini koʻrib, samalyotga chiqarmagani haqida soʻzlab bergan. Uning qayd etishicha, shundan soʻng uyiga yetib olish uchun bir necha davlatlarda sarson boʻlgan.

Ubaydullayev kompaniyani kamsitishda ayblab, Yevropa sudiga shikoyat qildi. Keyinroq Wizz Air uning “jim yurishi” va boshqa shikoyat qilmasligi uchun 120 ming dollar taklif qilgan, yigit esa buni rad etgan.

Kanadalik qoʻshiqchi Devid Kerrol esa voqeadan xabar topgach oʻrganish ishlarini olib borgan va bu haqda qoʻshiq kuylagan. Shuningdek, Suhrob Ubaydullayev bilan birga vaziyat boʻyicha klip ham suratga olgan.


Javohir Sindarov

2025-yilning noyabr oyida 19 yoshli grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib oʻtgan Jahon kubogi gʻolibiga aylandi. U finalda xitoylik Ven Yi bilan bahs olib borgan, oq donalarda durang oʻynagan, qora donalarda esa raqibni magʻlub etgan.

U ushbu chempionlik orqali 120 ming dollar mukofot puliga ega boʻldi. Shuningdek, Sindorov endi jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026-yilgi turnirda ishtirok etish huquqini ham qoʻlga kiritgan. Shaxmatchi bu gʻalabasi bilan eng yosh chempionga aylangan.

Bundan avval 2004-yilda Rustam Qosimjonov ushbu formatdagi musobaqada gʻalaba qozongandi.


Mirshakar Fayzulloyev

2025-yil Mirshakar Fayzulloyev uchun sermahsul boʻldi deyish mumkin. Avvaliga fevral oyida u “Humo Arena"dagi “Chempion” nomli ilk katta stendap konsertni taqdim etdi. Uning yakunida “Jentra” avtomashinasining pashoqlanishi konsertni haqiqiy shouga aylantirdi.

Komik yil davomida har oy “Xayr” nomli shouni taqdim etdi va bu katta mashhurlikka etishdi. Noyabr oyida esa Oʻzbekistondagi birinchi stendap klub — “Sahna” yangi manzilga koʻchib oʻtdi. Mirshakar Fayzulloyevning ta’kidlashicha, koʻchishdan keyin “Sahna” Markaziy Osiyodagi eng katta stendap klubga aylangan.


Abbos Fayzulloyev

2025-yil oʻzbekistonlik yarim himoyachi Abbos Fayzulloyev uchun ham voqealarga boy boʻldi. U yil davomida Rossiyaning “SSKA” jamoasi bilan avvaliga Rossiya Kubogida keyin esa Superkubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, ikkita kubokni boshi uzra koʻtardi. Bundan tashqari, iyun oyida Oʻzbekiston iftixori faxriy unvoni bilan ham taqdirlandi.

Futbolchi iyul oyida Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” jamoasiga koʻchib oʻtdi va Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning klubdoshiga aylandi. Hozirda esa u jamoasning asosiy tarkib oʻyinchilaridan biriga aylangan.


Murod Nasimov

Oʻzbekiston kinematografiyasida 2025-yilni Murod Nasimov yili boʻldi deyish mumkin. Aktyor bir qancha loyihalarda oʻz mahoratini namoyish etdi va koʻplab muxlislarga ega boʻldi.

Jumladan, u “Aybsiz” serialida bosh rollardan birini ijro etdi. Undan keyin “Hammasiga Istanbul aybdor” serialida ham asosiy obrazlardan birini gavdalantirdi. Oktyabr oyida esa Sarvar Karimovning “Sevgi sharbati” filmida bosh qahramonga aylandi.

Shuningdek, Murod Nasimov rejissyorligidagi “Namuna” qisqa metrajli filmi ham premyera qilindi. Umuman olganda, oʻtgan yil aktyor uchun juda sermahsul boʻldi, deyish mumkin.


Ra’no Shodiyeva

Ra’no Shodiyeva rol ijro etgan “Bahorni quvib” kinokartinasi 2025-yilda premyera qilindi. Keyin esa jahon kinofestivallarida filmning triumfi boshlandi. Kinokartina bir qator mamlakatlarda oʻtkazilgan festivallarda sovrinlar qoʻlga kiritdi.

Jumladan, Ra’no Shodiyeva iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar kinofestivalida “Eng yaxshi aktrisa” mukofotini qoʻlga kiritdi. Avgust oyiga kelib esa Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan VI “Lendoc Film Festival"da Ra’no Shodiyeva “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida mukofotlandi.


Gayane Umerova

Buxoro shahri 5-sentyabrdan 20-noyabrgacha ochiq muzeyga aylantirildi. Unda birinchi Buxoro zamonaviy san’at biennalesi boʻlib oʻtdi. Gayane Umerova esa biennale komissari sifatida faoliyat olib bordi.

Shuningdek, u badiiy rahbari Diana Kempbell bilan birgalikda biennalening asosiy g‘oyalari, konsepsiyasi, Buxoro madaniy merosi va zamonaviy badiiy amaliyotlarni birlashtiruvchi xalqaro maydon sifatidagi roli haqida so‘zlab bergandi.

Noyabr oyida esa Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zo davlatlar Gayane Umerovani YUNESKO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi raisi etib sayladi.


Dilafroʻz Sobirova

Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi 11-sinf o‘quvchisi Dilafro‘z Sobirova Garvard universitetining integrativ biologiya yo‘nalishiga qabul qilinib, 4 yil uchun 100 foizli grant yutdi.

Qayd etilishicha, o‘quvchi 2008-yilda Farg‘onaning Quva tumanida tug‘ilgan. SAT bo‘yicha 1540 ball, IELTS imtihonidan esa 8 ballni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u fan olimpiadasida ingliz tilidan Farg‘ona viloyatida 1-o‘rin hamda nemis tili imtihonidan B2 daraja olgan.

Hippo xalqaro ingliz tili olimpiadasi yarimfinalchisi boʻlgan, Garvardning HPAIR konferensiyasiga qabul qilingan, Technovation Girls xalqaro tanlovining o‘quvchilar vakili va YUNESKO tomonidan tashkillangan Be an explorer tanlovi finalisti ham boʻlgan.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling